
2026-yil 29-sentabrdan 2-oktabrgacha O'zbekiston delegatsiyasi “O'zbekistonda ommaviy axborot vositalari va sog'liqni saqlash mutaxassislarining salohiyatini oshirish orqali aholining jamoat salomatligi masalalaridan xabardorligini va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash” loyihasi doirasidagi taklif etilgan o'quv dasturi asosida Koreya Respublikasining Seul shahriga tashrif buyurdi. Loyiha O'zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi, Koreya Community Chest (CCK) va Xalqaro sog'liqni saqlash bo'yicha Koreya jamg'armasi (KOFIH) tomonidan amalga oshirilmoqda.
O'quv dasturi doirasida delegatsiya KOFIH bosh qarorgohi, Koreya sog'liqni saqlashni rag'batlantirish va rivojlantirish instituti (KHEPi), Seul milliy universiteti (SNU) va Gvanak-gu jamoat salomatligi markaziga tashrif buyurdi. Tashriflar davomida ishtirokchilar muassasalarning faoliyat tizimlari bilan tanishdi, KHEPi direktori Lee Don Hyung tomonidan sog'liqni saqlash savodxonligiga asoslangan sog'liqni saqlash kommunikatsiyasi haqida ma'lumot oldi, SNU professori You Myoungsoon taqdimotida xavf kommunikatsiyasi (risk communication) mavzusini tinglab, ob'ektlarga ekskursiyalar va joyida o'quv mashg'ulotlarida qatnashdi.
O'zbekiston va Koreya Respublikasi o'rtasida bilim, tajriba va ilg'or amaliyotlar almashinuvi sog'liqni saqlash mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari vakillarining salohiyatini mustahkamlashga, jamoat salomatligi sohasidagi kommunikatsiyani yaxshilashga hamda O'zbekistonda aholining salomatlik masalalaridan va mavjud tibbiy xizmatlardan xabardorligini oshirishga xizmat qiladi, deb ishonamiz.



